Xorazmda 2 ming 500 gektar yerda yangi intensiv bog‘ yaratiladi

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining maxsus ishchi guruhi tomonidan Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi vakillari ishtirokida Xorazm viloyatida o‘rganish ishlari olib borildi.

 Guruh a’zolari Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari yo‘naltirilishi natijasida tashkil qilingan mevali bog‘lar, uzumzorlar hamda issiqxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, “tayyor holda topshirish” mexanizmi asosida bog‘ va tokzorlar, sabzavot maydonlarini barpo etish uchun ajratilgan yer maydonlarini joyiga chiqqan holda o‘rgandi.

O‘z navbatida intensiv bog‘ va tokzorlarni “tayyor holda” barpo etuvchi pudratchi tashkilotni yollash bo‘yicha tender savdolarini o‘tkazish ishlarining borishi hamda maydonlarni lotlarga bo‘lib aholiga ajratib berish jarayoni tahlil qilindi.   

O‘rganishlar davomida viloyatning iqlim, tuproq va suv sharoitidan kelib chiqib, bog‘ va tokzorlarda ko‘chat navlarining ekilishi ko‘zdan kechirildi.   

— O‘rganishlardan asosiy maqsad – issiqxonalardagi muammolarni, ularni keltirib chiqaruvchi sabablarni o‘rganish va tahlil qilishdan iborat,  — deydi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori Husniddin Karimov. — Fermerlar, tadbirkorlarning fikrlarini o‘rganar ekanmiz, ular birinchi o‘rinda ekilgan mahsulotlarni sotib olish bosqichini yaratish taklifini ilgari surishdi. Hozirda Xorazm viloyati uchun alohida agronom, alohida joy taqsimlash dasturi ishlab chiqiyalpti. Yana bir e’tiborli jihat, viloyatda intensiv bog‘lar yaratishga  alohida e’tibor qaratilyapti. Shu kunlarda Turkiyadan 1 millionta ko‘chat keltirilyapti. Natijada 2 ming 500 gektar yerda yangi intensiv bog‘ barpo etiladi.   

Tadbir doirasida viloyatning qator tumanlarida fermer va dehqonlar uchun mevali bog‘lar, uzumzorlar va issiqxonalarni barpo etish bo‘yicha maxsus seminarlar tashkil etildi. Hududlarda meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish, ularni saqlash, saralash, qayta ishlash va eksportini tashkil etishga ko‘maklashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ayni yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ularga bugungi kunda tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan meva-sabzavot navlarini joylashtirish va yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.   

Agentlik direktori Husniddin Karimov hozirgi kunda respublikamizda meva-sabzavotchilik sohasida mahsulot ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, xizmat ko‘rsatish va sotish (eksport qilish) jarayonlarini o‘zaro integratsiya qilish, klasterlar (kooperatsiya) faoliyatini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va eksport hajmini oshirish yuzasidan qilinayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berdi.   

Bundan tashqari, Xorazm viloyati sharoitida bugungi kunda qaysi meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish mumkinligi, qaysi mahsulotlarga talab yuqoriligi, shuningdek, meva-sabzavot sohasida qayta ishlovchi korxonalar to‘g‘risida ular bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan tadbirkorlik sub’ektlariga amaliy yordam berish bo‘yicha kelishib olindi.