🔰Oltinsoy tumanida 1000 gektar maydonda uzumchilik loyihasi amalga oshiriladi
Viloyat hokimi Oltinsoy tumaniga tashrif buyurib, qishloq xoʻjaligi masʼullari ishtirokida tuman hududida 1000 gektar maydonda amalga oshirish rejalashtirilgan uzumchilik loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.
Loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 500 gektar foydalanishdan chiqqan yer maydonlari oʻzlashtirilib, voish usulida zamonaviy uzumzor barpo etiladi. Davlat tomonidan ajratiladigan subsidiya mablagʻlari evaziga yangi suv quduqlari qazilib, yangi uzumzorlarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilishi hisobiga suv resurslarining tejalishiga erishiladi.
✅Loyihaning umumiy qiymati 120 mlrd soʻm boʻlib, shundan 35 mlrd soʻm Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi tomonidan ajratiladi. Loyihaning ikki bosqichi ham toʻliq ishga tushirilgach 1 ming 840 ta ish oʻrni yaratiladi. Keyingi bosqich 2024-yilda amalga oshiriladi va unda ham 500 gektar maydon oʻzlashtirilib, yangi uzumzorlar barpo etiladi.
Masʼullar ishtirokida mazkur loyiha muhokama qilinib, amalga oshiriladigan rejalar belgilab olindi.
Shundan soʻng viloyat rahbari tumandagi “Registon Oltinsoy Mega” MChJning issiqxona kompleksi loyihasi bilan tanishdi, mavjud muammolarni oʻrgandi. Issiqxona kompleksida yetishtirilayotgan bodring koʻchatlari anomal sovuq paytida nobud boʻlishi natijasida tadbirkor zarar koʻrgan. Tadbirkor shu sababdan olingan kredit muddatini uzaytirish boʻyicha amaliy yordam soʻrab murojaat qildi. Masʼullarga mavjud holatni oʻrganib chiqib, tadbirkorga koʻmak koʻrsatish boʻyicha vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, koʻp yillardan buyon faoliyat yuritmayotgan Oltinsoy vino zavodi koʻzdan kechirildi. Masʼullarga ushbu obʼektni ishga tushirish boʻyicha loyihalar ishlab chiqish, salohiyatli investorlarni jalb qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.