Prezident huzurida qishloq xo‘jaligida xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarning borishi hamda ta’lim sifatini yaxshilash masalalari muhokama qilinmoqda.

So‘nggi besh yilda sohaga 2,5 milliard dollar xorijiy resurslar jalb qilindi. Shundan, 1,7 milliard dollar o‘zlashtirilib, 4 mingga yaqin loyiha amalga oshirildi.

Buning hisobiga 2,5 ming gektar zamonaviy issiqxonalar, 11 ming gektar intensiv bog‘lar, 6 ta ko‘chatchilik xo‘jaligi va 350 ming tonnali muzlatkichli omborxonalar tashkil etildi.

Bugungi kunda, sohada 810 million dollar o‘zlashtiriladigan mablag‘ mavjud.

Davlatimiz rahbari ushbu mablag‘lar hisobiga qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab berdi.

Yig‘ilishda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yil yakuniga qadar 400 million dollarlik loyihalarni boshlash topshirildi.

Bugungi kunda 580 ta yangi loyiha ishlab chiqilgan bo‘lib, kreditlar qisqa muddatga berilishi bois ularni amalga oshirish kechikmoqda. Shu munosabat bilan:

– vazirlikka loyihalarni ishga tushirib, lizing asosida sotish vakolati beriladi.

– Bog‘dorchilik agentligiga 1 mayga qadar 20 million dollar, natijaga qarab, yil yakuniga qadar yana 45 million dollar ajratiladi;

– buning hisobiga joriy yilda 6 ta viloyatda 1,8 ming gektarda intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etilib, tadbirkorlarga kamida 7 yil muddatga lizingga beriladi.

– 1 maydan bog‘ va tokzorlar barpo etish uchun kreditlar tadbirkorlarga kamida 10 yil muddatga ajratiladi;

– yil yakuniga qadar xususiy sektor bilan birga jami 115 ming tonnali 17 ta kichik agrologistika markazini ishga tushiriladi. Ular “tayyor holda” 5 yillik imtiyozli davr bilan kamida 10 yilga lizing asosida sotiladi.

Yig‘ilishda 2022 yilda Andijon, Jizzax, Namangan, Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida agroxizmatlar markazlari tashkil etilib, 100 dan ortiq xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek:

– qishloq xo‘jaligida mablag‘larni boshqarish va monitoring qilish axborot tizimini ishga tushirish;

– yerlar va ekinlar hisobi hamda monitoringini yuritishni raqamlashtirish;

– 1 avgustga qadar 7 turdagi, 2023 yilda barcha turdagi subsidiya to‘lashni elektron tizimga o‘tkazish;

– suv balansi va sarfi hisobini yuritish hamda yerlarni to‘g‘ri sug‘orish ishlarini masofaviy monitoring qilish axborot tizimini 1 dekabrgacha Farg‘ona va Samarqandda, 2023 yilda barcha hududlarda joriy qilishga topshiriq berildi.

Prezident yangi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti 2022-2023 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlashi zarurligini qayd etdi.

Birinchi o‘quv yilida universitetda 7 ta mutaxassislik bo‘yicha 200 nafar talaba o‘qitiladi.

Yig‘ilishda agrar soha uchun zamonaviy bilimga ega o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Agrar universitet bilan tizimdagi kollej va texnikumlarning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlashi zarurligi ta’kidlandi.

Bugungi kunda Jizzax, Toshkent va Farg‘onada 3 ta qishloq xo‘jaligi texnikumini modernizasiya qilish boshlandi.

“Lekin qolgan 31 ta texnikum va kollej bilan, 83 ta kasb-hunar maktabi bilan qachon shug‘ullanamiz?”, deya savol qo‘ydi Prezident.

Qishloq xo‘jaligi va oliy ta’lim vazirlariga ikki oy muddatda texnikumlar bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.

Bunda:

– agrar sohadagi barcha texnikumlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkaziladi;

– klaster va boshqa yirik qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan hamkorlikda texnikumlardagi o‘quv dasturlar, metodologiyasi, darsliklar va amaliyot tizimi butunlay qayta ko‘rib chiqiladi;

– texnikumlar yangi tashkil etiladigan agroxizmatlar markazlari bilan uzviy bog‘lanadi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddilar hisobot berdi.