Issiqxona tadbirkorlariga moliyaviy yengilliklar

🎥“Xalqaro Press-klub”ning “Hafta aksentlari” dasturi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining sharhi va ijrosini taʼminlashga oid lavha namoyish etildi.

Lavhada issiqxona xo‘jaliklarining moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha respublika Ishchi guruhining tashkil etilganiga alohida eʼtibor qaratilgan. Ushbu Ishchi guruhining asosiy vazifalariga O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshliq o‘rinbosari Akmal Mirzayev batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, lavhada davlat rahbari boshchiligidagi videoselektorda o‘tkazilgan taqdimotga ko‘ra, Issiqxonani rivojlantirish agentligi issiqxonalarga urug‘, ko‘chat, mineral o‘g‘it va boshqa moddiy resurslar yetkazib berishi haqida ham so‘z borgan. Shu bilan birgalikda tadbirkorga moliyaviy yengilliklar ham belgilanishi taʼkidlab o‘tildi.

Issiqxonalarda kuz-qish mavsumida ko‘p miqdorda tabiiy gaz ishlatilishini inobatga olib, to‘lovlarni kechiktirilgan holatda penyalar hisoblanmasdan qabul qilinishi ham tadbirkorga bugun yaratilayotgan imkoniyatlardan ekanligi lavhada keltirib o‘tilgan.