Umumiy ma’lumotlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 20-mart 2019- yildagi PQ-4246-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq  xo‘jaligi vazirligi huzurida Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etilgan.

Аgentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

  • intensiv meva-sabzavotchilik, uzumchilik va issiqxona xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarni, shu jumladan tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qo‘llagan holda intensiv meva-sabzavotchilik, xo‘raki, kishmishbop uzum plantatsiyalari va issiqxona xo‘jaliklari maydonlarini kengaytirish, shuningdek, bozor konyunkturasi tahlilini hisobga olgan holda, intensiv usulda yetishtiriladigan meva-sabzavot, uzum mahsulotlari turlarini ko‘paytirish choralarini ko‘rish;
  • hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, bog‘dorchilik, uzumchilik va issiqxona xo‘jaligida ilmiy yutuqlar, ilg‘or ilmiy ishlanmalar va intensiv agrotexnologiyalardan keng foydalanishni tashkil etish;
    uzumning xo‘raki va kishmishbop navlari plantatsiyalarini kengaytirish, uzumchilik korxonalarini kompleks modernizatsiyalashga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, eksport salohiyatini oshirish;
    O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda bog‘dorchilik xo‘jaliklari, xo‘raki, kishmishbop uzum plantatsiyalari va issiqxona xo‘jaliklariga xalqaro sertifikatlash standartlarini joriy etishda ko‘maklashish;
  • meva-sabzavotchilik, uzumchilik mahsulotlarini saqlash, saralash, qayta ishlash va eksportini tashkil etish, shuningdek, ushbu sohalarda “daladan rastagacha” tamoyili asosida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratuvchi meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperatsiyalar) faoliyatini rivojlantirish;
  • bozorlar konyunkturasi bo‘yicha chuqur marketing tadqiqotlarini o‘tkazish yo‘li bilan raqobatbardosh mahsulot yetishtirish, uni sotishni tashkil qilish, eksport salohiyatini oshirish maqsadida sohaga mahalliy va to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashish;
    tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan meva va uzum navlarini joylashtirish va yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
  • intensiv meva-sabzavotchilik, uzumchilik va issiqxona xo‘jaliklari sohasida mutaxassislarni o‘qitish, ularning malakasini oshirish, innovatsiyalarni rivojlantirish va joriy etish masalalari bo‘yicha mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, xorijiy tashkilotlar va tarmoqning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklari maydonlarining hamda uzum plantatsiyalarining elektron reyestrini yuritish.